Logo - lok-bo'yoq mahsulotlari bozorida 25 yildan ortiq tajriba Batafsil

Brand

Kompaniya haqida

Cheklangan mas’uliyatli jamiyat shaklidagi “Uz-DongJu Paint Company” qo‘shma korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 30-maydagi 191-sonli qarori va 1995-yil 25-mart kuni Koreya tomoni — “DongJu Industrial Co., Ltd.” hamda O‘zbekiston tomoni — “UzAvtoSanoat” aksiyadorlik kompaniyasi o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida tashkil etilgan. 1999-yil 3-aprel kuni korxonaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Ta’sischilar — Andijon viloyati hududiy boshqaruvi “DAVLAT AKTIVLARINI BOSHQARISH AGENTLIGI” AJ – 44,84%, “Comfort Engineering Group” MChJ – 5,16% va Koreya Respublikasining “KION INTERNATIONAL INCORPORATION” kompaniyasi – 50%. Ustav fondi 20 312,33 ming AQSh dollarini tashkil etadi. “Uz-DongJu Paint Company” qo‘shma korxonasi O‘zbekiston avtomobil sanoatini avtomobil bo‘yoqlari va metall yuzalarini tayyorlash vositalari bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Shu bilan birga, ROYAL PAINT brendi ostida sotiladigan qurilish va sanoat bo‘yoqlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati (bir smenali 8 soatlik ish rejimida) quyidagilardan iborat: metallni dastlabki ishlov berish vositalari – 3 750 tonna, germetik – 1 250 tonna, avtomobil bo‘yoqlari – 2 500 tonna va qurilish hamda sanoat bo‘yoqlari – 4 000 tonna. Umumiy yer maydoni 4,84 gektar, shundan ishlab chiqarish uchun ajratilgan maydon – 1,11 gektar, ma’muriy-maishiy majmua – 0,932 gektar, omborxonalar, yer osti inshootlari, texnik xonalar va oshxona – 2,798 gektar.

Hozirgi kunda korxona xodimlari soni 118 nafarni tashkil etadi.

Mahsulot sifati kompaniyaning asosiy ustunligidir. Shu sababli, xom ashyo yetkazib beruvchilarni tanlashga alohida e’tibor qaratiladi. Asosiy yetkazib beruvchilar — Janubiy Koreyaning “NOROO Paint & Coatings Co., Ltd.” va “PPG Industries Korea Inc.” kompaniyalari. Mahsulotlar koreys texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqariladi. Shuningdek, ISO 17025:2017 xalqaro standarti asosida akkreditatsiyadan o‘tgan va zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan o‘z laboratoriyamiz mavjud bo‘lib, u mahsulot sifatini ishlab chiqarishning har bir bosqichida nazorat qilish imkonini beradi.

Ichki bozorda “Uz-DongJu Paint Co.” MChJ O‘zbekistondagi “UzAuto Motors” AJ, “Samarqand Avtomobil Zavodi” MChJ, “UzAuto Trailer” MChJ, “Uz-Koram Ko.” MChJ, “Yevraziya Tapo-Disk” ZAJ, “Toshkent Traktor Zavodi” AJ, “Uz Case Mash” QK MChJ, “O'zauto-Austem” MChJ, “Uz-Dong Yang Kompani” MChJ, “Uz-Metertech Company” QK MChJ, “Uzxcmg” MChJ, “O'zeraealternator” MChJ va boshqa ko‘plab yetakchi korxonalar bilan hamkorlik qiladi.

“Uz-DongJu Paint Company” MChJ – Sizning muvaffaqiyatingiz uchun ishlaydigan mutaxassislar jamoasi, bu tajriba va professionallik Sizning taraqqiyotingiz uchun birlashtirilgan kuchdir.