Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida multibrend avtosaloni hamda “QARSHI AUTOCENTRE” MChJ avtoservisining qurilish ishlari boshlandi. Ushbu avtosalonning qurilishi kompaniyaning xizmat doirasini kengaytirish va mijozlarga qulaylik va xizmat ko‘rsatish dasturlari doirasida amalga oshirilmoqda. Avtosalon faoliyati qariyb 100 nafar mahalliy aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.
Yangi multibrend avtosalonning qurilish ishlari 2019 yilning to‘rtinchi choragida yakunlanib topshirilishi rejalashtirilgan. Yangi avtosalon yengil avtomobillar bilan savdo qilish, yuk tijorat texnikalarini va ehtiyot qismlarni sotish, shuningdek O‘zavtosanoat tarkibiga kiradigan kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga avtoservis xizmatlarini amalga oshirishga, sotuvdan oldingi va davriy texnik hamda kafolatli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Multibrend avtosalonining 2200 kv.m ko‘rgazma maydonida doimiy ravishda «GM Uzbekistan», «SamAvto», «JV MAN Auto – Uzbekistan» va «UzAuto Trailer» milliy korxonalarining Chevrolet, MAN, Isuzu va Kamaz brendlari taqdim etiladi.
Bundan tashqari avtosalonda avtosug‘urta, avtomobil raqamini ro‘yxatga olish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.
800 kv.m. maydonli servis markazi zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlanadi hamda unda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritadi. “QARSHI AUTOCENTRE” MChJ servis stansiyasida O‘zAvtosanoatning barcha brendlariga kafolatli xizmat ko‘rsatiladi.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida bitta rasmiy dilerlik korxonasi faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi ilk multibrend avtosalon 2018 yilning 20 dekabr kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ishga tushirilgandi.