Toshkentda odatiy MTT qurilishi imkonsiz bo'lgan uzoq qishloq joylari, tog'li tumanlar va borish qiyin bo'lgan aholi punktlari uchun mo'ljallangan mobil va modulli maktabgacha ta'lim tashkilotlarining taqdimoti o'tkazildi. Mobil MTT loyihasi Maktabgacha ta'lim vazirligi Maktabgacha ta'lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi hamda “O'zavtosanoat” AJ tomonidan amalga oshirildi.
Maktabgacha ta'limning muqobil shakllari taqdimotida 16 ta qayta jihozlangan avtobus, o'yin maydonchasiga ega turargohning 2 ta modeli va 2 ta modulli MTT namoyish etildi.
Isuzu HC 40 avtobuslari bazasidagi mobil MTT belgilangan yo'nalish bo'yicha qatnaydi. Mobil guruhlarda bo'lish davomiyligi uch soatdan oshmaydi, bolalarning maksimal soni esa, 3-7 yoshdagi 16 nafar bola bo'ladi. Mashg'ulotlarni barcha tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli qilish uchun, MTT mutaxassislari turli yoshdagi guruhlar uchun maxsus dasturlar ishlab chiqdilar, pedagoglar esa, tegishli o'quvni bitirdilar.
Ta'lim-tarbiya jarayoni ikkita smenada o'tadi, majburiy ovqatlanish tashkil etilmaydi, lekin yengil tamaddini isitib olishni ko'zda tutiladi. Mashg'ulotlarning salmoqli qismini ochiq havoda o'tkazish rejalashtirilgan. Buning uchun yo'nalishning har bir nuqtasida shiyponli, to'siqli, o'rindiqli, tepalik, arg'imchoq, o'yin uychasi va qumxonali turargoh jihozlangan bo'ladi.
Taqdimotda mobil va modulli MTTlarni tashkil qilish – bu mintaqalarda maktabgacha tashkilotlarning keskin yetishmasligi taqozo qilgan muhim qadam ekanligi qayd etildi. Tatbiq etishning rekord darajada qisqaligidan tashqari, maktabgacha ta'limning muqobil shakllari kamxarjligi bilan ham ajralib turadi. Chunonchi, bitta odatiy MTT qurilishi o'rniga 7 ta modulli MTT o'rnatish yoki 7 ta avtobusni ishga tushirish va bir necha mintaqalardagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish mumkin.
Mobil MTT loyihasi doirasida “O'zavtosanoat” AJ mutaxassislari avtobuslarni qayta jihozlash va haydovchilarni o'qitish bilan kifoyalanib qolmay, sho'ba korxonalari bazasida bolalar maydonchalari uchun mebel va kerakli ashyolar tayyorlashni ham yo'lga qo'ydilar. Ishlab chiqarish butunlay mahalliy bo'lib, bu kerak bo'lganda avtoparkni tezkor kengaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, avtobuslarga yo'nalishni va har bir nuqtada turish vaqtini nazorat qilish uchun trekerlar o'rnatiladi.
Shuningdek, Maktabgacha ta'lim vazirligi modulli maktabgacha tashkilotlar namunalarini taqdim etdi. Har bir konstruksiya o'zaro bog'langan dengiz konteynerlaridan iborat. Asosiy makon o'qitish-o'ynash hududiga ajratilgan bo'lib, bolalar mebeli, o'yinchoqlar va o'quv materiallari bilan ta'minlangan. To'liq kunli guruhlar uchun yengil, yig'iluvchan krovatlar ko'zda tutilgan.
Bugunning o'zidayoq mobil MTT loyihasiga respublika bo'ylab 44 ta nuqta kiritilgan bo'lib, u jami 2000 nafar bolani qamrab oladi. Qayd etish joizki, mobil MTTlarga qatnash bepul bo'ladi.
Mobil maktabgacha tashkilotlar loyihachilari Turin politexnika universiteti mutaxassislari bo'ldilar, modul MTTlarni esa, “UzAutoTrailer” kompaniyasi muhandislari loyihalashtirdilar. Ular qayd etishlaricha, mobil va modulli MTTlarni qurishda va bezatishda issiqqa va o'tga chidamli, salomatlik uchun xavfsiz materiallar ishlatiladi.