Logo - lok-bo'yoq mahsulotlari bozorida 20 yildan ortiq tajriba Batafsil

Brand

"O‘zavtosanoat" AJ – "2019 yilning eng yaxshi ish beruvchisi"

"O‘zavtosanoat" AJ – "2019 yilning eng yaxshi ish beruvchisi"
  • 10.10.2019

“Eng yaxshi ish beruvchi – 2019” IV yillik tanlovida davlat kompaniyalar orasidagi “2019 yilning eng yaxshi ish beruvchisi” sovrini “O‘zavtosanoat” AJga topshirildi. Shuningdek, “Talabalar orasida eng talabgir ish beruvchi” sovriniga davlat kompaniyalari orasida UzAuto Motors kompaniyasi sazovor bo‘ldi.

DaVinci Management Consulting kompaniyasi tashkil etgan har yilgi tanlov – bu davlat, mahalliy va xalqaro kompaniyalariga ularning O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirishga qo‘shgan hissalari uchun mukofotdir. Tanlov g‘oliblari uch bosqichli o‘rganish: ichki HR-audit, kompaniya xodimlari orasida anonim so‘rov o‘tkazish, talabalar va ish izlovchilar o‘rtasidagi so‘rov asosida saralab olindi.

O‘zbekistonning eng yirik ishlab chiqarish korxonasi o‘laroq, “O‘zavtosanoat” AJ oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishning muhim bo‘g‘ini kadrlar hisoblanadi. Bozor munosabatlari sharoitida maqsadga faqat yetarlicha samarali kadrlar siyosati bo‘lgandagina erishish mumkin. Kompaniya 85 dan ortiq korxonani o‘z ichiga oladi, ulardagi ishlab chiqarish jarayonlarida 27 mingdan ziyod kishi faoliyat yuritadi. Tabiiyki, har bir muvaffaqiyat ortida mana shu xodimlar xizmati turadi.

Hozirgi kunda “O‘zavtosanoat” AJ kadrlar siyosati eski tizimdan xodimlar boshqaruvining zamonaviy uslublari – HR-menejmentga o‘tish bosqichini boshidan kechirmoqda.

Yillik tanlovning bosh sovrinini qo‘lga kiritish kompaniyaning xodimlar sadoqatini oshirishga, eng qobiliyatli ish izlovchilarni jalb qilishga va bu orqali kompaniyaning umumiy samaradorligini oshirishga imkon beruvchi unumli kadrlar siyosatiga yana bir bor dalolat qiladi.